Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Raxmatillo Egamov boshchiligidagi delegatsiya Anqara universiteti Amaliy fanlar fakultetiga tashrif buyurdi.
SamDAQU vakillari fakultet dekani, “Ko‘chmas mulkni rivojlantirish va boshqarish” kafedrasi mudiri prof. Dr. Harun Tanrivermish va uning jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqot davomida ikki universitet o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya fakultet va kafedralar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning o‘quv va ilmiy ishlari jarayonlarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.
Ushbu tashrif oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va akademik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.