Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida sobiq bitiruvchilar ishtirokida “Bitiruvchilar forumi” o‘tkazildi.
Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshayotgan isteʼdodli yosh ijodkorlar, ilm-fan sohalarida yutuqlarni qoʻlga kiritgan iqtidorli, ijtimoiy faol yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish, ularning qobiliyatlarini toʻla namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish, yoshlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini yanada kengaytirish, ularning maʼnaviy barkamol shaxs boʻlib, jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishlari hamda oʻzlari qiziqqan sohaning yetuk mutaxassislari boʻlib yetishishlarida koʻmaklashish maqsadida sobiq bitiruvchilar ishtirokida “Bitiruvchilar forumi” tashkil etildi.
Anjumanning kirish qismida universietning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Murodjon Xodjabekov va Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sherzod Uzoqovlar kirish so‘zi bilan ochib berdilar, sobiq bitiruvchilarni tabriklab universitetning tarixi va erishgan yutuqlari to‘g‘risida ma’ruzalar qildilar.
Shundan so‘ng so‘zga oliy o‘quv yurtini bitirib turli nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan tajribali xodimlar va yoshlar, avvalo ushbu muqaddas dargohda olgan bilimlari uchun ustozlari nomiga tashakkurlar izhor etdilar. Forumda so‘zga chiqqanlar motivatsion nutqlarida keljakdagi bitiruvchi-yoshlar bilan ish faoliyatlarida orttirgan tajribalari va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek “Bitiruvchilar forumi”da 60 nafarga yaqin arxitektura, shaharsozlik va qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan sobiq bitiruvchilardan yetuk mutaxassislar hamda universitetda faoliyat yuritayotgan 19 nafar sobiq bitiruvchilar ham ishtirok etib so‘zga chiqdilar.
Forum so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi “Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida” PQ-416-son qarorida belgilangan tegishli bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyat Kadastrlar boshqarmasi hamda Universitet o‘rtasida “Hamkorlik kelishuv bitimi” tuzildi va imzolandi. Sobiq bitiruvchilarga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.