Skip to main content

QANDAY QILIB JAHON UNIVERSITETIGA AYLANISH MUMKIN?

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida Yildiz texnika universiteti rektori professor Dr. Tamer Yilmaz ishtirokida seminar tashkil etildi.

Professor Tamer Yilmaz universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz taklifiga binoan SamDAQUga tashrif buyurdi. Xabaringiz bor arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini mustahkamlash maqsadida 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-sonli (https://lex.uz/uz/docs/-6277864#-6278942) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan SamDAQU va YTU rektorlari o‘rtasida yaqindan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Uchrashuvda universitet rektori Chidem Turkyilmaz kirish so‘zlari bilan ochib berib, ushbu dargohga tashrif buyurib qimmatli vaqtini ayamaganligi uchun professor Tamer Yilmazga samimiy minnatdorlik izhor etdi va ma’ruzachi haqida yig‘ilganlarga qisqa ma’lumotlar berib o‘tdi. So‘ngra so‘z navbatini professorga berdi.

“Turkiya mamlakati poytaxti Istanbuldan va butun Yildiz texnika universiteti jamoasi hamda talabalari nomidan salomimni keltirdim” - deydi so‘z boshida professor Tamer Yilmaz.

Dastlab YTU rektori o‘zining faoliyati va oliy ta’lim dargohi hamda kasbiy faoliyati davomida orttirgan malakasi bilan o‘rtoqlashdi. Professor o‘z ma’ruzasida yig‘ilganlarga jahondagi ta’lim dargohlari, birinchi, ikkinchi va uchunchi avlod universitetlari tuzilmalari xususida keng ma’lumotlar berib o‘tdi. Ta’lim tuzilmalari, olib borilayotgan islohotlar, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga oid bir necha misollar keltirdi. “Birlashish, oliygoh strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun jamoaviy ruh va harakat muhimdir” - deydi professor Tamer Yilmaz.

Seminar so‘ngida “Qanday qilib Jahon universitetiga aylanish mumkin?” degan savolga professor quyidagicha javob berdi. Har qanday oliygohning yuksalishiga quyidagi 3 omilni ilgari surdi. Birinchisi ta’lim va tarbiya, ikkinchisi professor-o‘qituvchilar muntazam tadqiqotlar olib borishi, uchinchidan ijtimoiy, jamoatchilik faolligi deb javob berdi.

Ma’ruza tugagach universitet rektori Chidem Turkyilmaz yig‘ilganlar va rahbariyat nomidan professorga ajoyib ma’ruza va tashrif uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi, estalik uchun sovg‘alar topshirdi.

Ma’lumot uchun: Yildiz texnika universitetiga 1911-yilda asos solingan bo‘lib, hozirgi kunda u 11 fakultet, universitet qoshida 2 ta institut, 63 ta labaratoriya, 65 ta talaba klublari, 2095 nafar professor-o‘qituvchilari hamda 26 mingdan ziyod talaba ega.