Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz geomatika va kadastr sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi masʻullari bilan fikr almashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi 16-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Farmoni va Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan tizim yaratish boʻyicha topshiriq berilgan edi. (https://t.me/eduuz/19484)
Ushbu topshiriq ijrosini taʻminlash maqsadida bugungi kunda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Kadastr agentligi tomonidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Universitet rektori Dr. Chidem Janbay Turkyilmaz, O‘quv ishlari boʻyicha prorektori Murodjon Xodjabekov, Qurilish fakulteti dekani Doniyor Jo‘raqulov, “Geomatika muhandisligi” kafedrasi mudiri Nurali Umarov, Kadastr agentligi direktorining oʻrinbosari - “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasi direktori Abdushukur Abdullayev, Samarqand viloyat boshqarma boshligʻi va Respublika aerogeodeziya markazi Samarqand hududlararo boʻlinmasi rahbari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda sohada kadrlar tayyorlash boʻyicha fikrlar almashildi.
Muloqot davomida ish beruvchilar bilan geomatika muhandisligi, kadastr yoʻnalishi boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini yanada takomillashtirish, zamon talablariga mos chuqur bilim, malaka va koʻnikmaga ega kadrlar tayyorlash, iqtidorli talabalar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining stipendiyasini joriy qilish va Aerogeodeziya markazi Samarqand hududlararo boʻlinmasida kafedra filialini tashkil qilish hamda zamonaviy jihozlar bilan jihozlash boʻyicha kelishuvlar muhokama qilindi.