Skip to main content

KAMOL ABBDULLOEVDAN MOTIVATSION SUHBAT

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, motivatsion suhbatlar orqali ilm-fanga qiziqishlarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida har haftada “Rektor soati & Chorshanba suhbatlari” tashkil etilib kelinmoqda.

Bu galgi uchrashuv mehmoni SAG kompaniyasining bosh direktori Kamol Abdulloev va Xalqaro biznes konsultant Ulug‘bek Hojiakbarov bo‘ldi. Dastlab uchrashuvni universitet rektori Chidem Turkyilmaz xonim kirish so‘zi bilan ochib berib, bugungi talabalar bilan bo‘ladigan Rektor soati doirasidagi uchrashuvga qimmatli vaqtlarini ayamasdan tashrif buyurganliklari uchun minnatdorlik izhor etdi.

Shundan so‘ng SAG kompaniyasining bosh direktori Kamol Abdulloev o‘z nutqi bilan SamDAQU talabalariga motivatsiya ulashdi. Kompaniya rahbari avvalambor o‘zining faoliyati davomida erishgan yutuqlari haqida so‘z yuritdi. Hayot yo‘lidagi qiyinchiliklar, dunyo bozori va biznes tarmoqlarida kechayotgan o‘zgarishlar, shuningdek biznesga yangi kirib kelayotgan yo‘nalishlar to‘g‘risida ko‘plab foydali ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

— Men biznesni o‘rganib boshlaganimda hozirgidek yoshlarga berilayotgan sharoit va imkoniyatlar yo‘q edi, - Kamol Abdulloev. 

— Hozir yoshlarimizga hech qanday to‘siq yoki qiyinchiliklar yo‘q deb o‘ylayman, sababi qo‘lingizda XXI asrning eng ajoyib innovatsion ixtirolaridan biri smartfon turibdi. Undan qanday foydalanish esa faqatgina o‘zingizga bog‘liq. Asosiysi bilimlarni chuqur egallab, qo‘rqmasdan harakatni boshlashingiz kerak bo‘ladi. Yoshligimda uydagilarim meni quruvchi bo‘lishimni xohlashgan, lekin men biznesmen bo‘ldim. Sababi men o‘qishni va o‘z daromadimni oshirishga qiziqar edim. Xato qilishdan qo‘rqmang, xatolar ustida ishlash sizni mukammallikka olib keladi. Ko‘proq kitob varaqlang, ko‘proq o‘qing. Ma’lum bir biznesni egallab, bo‘ldi endi men cho‘qqiga chiqdim deb hech qachon o‘ylamang, chunki inson o‘z bilimlarini doim yangilab borishi kerak, shuningdek biznesda ham qiziqish va yo‘nalishlar yangilanadi doim, u hech qachon bir yerda mudom turmaydi. Talaba doim izlanishda bo‘lishi kerak, shunday ekan harakatni bugundan, hozirdan boshlang, – deydi kompaniya direktori o‘z nutqida.

Shuningdek kompaniya direktori qurilish, meditsina hamda zamonaviy kasblarga talab yuqorilayotgan va bu kasblar biznesda eng yaxshi daromad manbaiga aylanayotgani haqida talabalarga so‘zlab berdi. SAG kompaniyasiga ham ayni kunlarda interyer dizaynerlariga bo‘lgan talab yuqori ekanligi, hozirgi kunda aynan shu soha vakillariga ehtiyoji yuqori ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv so‘ngida universitet rahbariyati tomonidan ajoyib motivatsion suhbat uchun tashrif buyurgan kompaniya rahbari Kamol Abdulloevga rektor Chidem Turkyilmaz tomonidan estalik sovg‘alari topshirilib, universitet nomidan minnatdorlik bildirildi.