Skip to main content

MILLIY VA XALQARO REYTINGLARDA SAMDAQU KOʻRSATKICHLARINI YAXSHILASH BOʻYICHA TOPSHIRIQLAR BERILDI

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rahbar xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz raisligida o‘tgan yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra respublika OTMlari Milliy va Xalqaro reytinglarda SamDAQU koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha 2024-yil uchun reja-topshiriqlarni ijrosiga bag‘ishlandi.

Universitet rektori oʻzining kirish so‘zida yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini universitet uchun alohida ahamiyatga molik boʻlgan muhim masala - respublika OTMlari Milliy va Xalqaro reytinglarda SamDAQU nufuzini oshirish boʻyicha universitet jamoasi oldida turgan dolzarb muammolar hamda olib borilayotgan transformatsiya jarayonlaridagi ustuvor vazifalariga qaratdi. U oʻz soʻzida, reyting shunchaki statistik raqamlar emasligi, balki universitet hayotining barcha faoliyat sohalarini toʻliq qamrab olishi va universitetning rivojlanishi butun O‘zbekistonning rivojlanishini anglatishi, reyting koʻrsatkichlarining bajarilishi universitetni milliy va xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlashini ta’kidlab, mazkur faoliyatni yaxshilashga doir fikrlarini bildirdi.

Birinchidan, ta’lim sifatini yaxshilash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xorijiy hamkorlar bilan yangi ta’lim texnologiyalari va inovatsion tajribalar almashinuvini yanada rivojlantirish;

Ikkinchidan, universitetda davlat va xorijiy moliya institutlari mablag‘lari, turli xorijiy tashkilotlar va jamg‘armalar grantlari, xoʻjalik shartnomalari asosida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish;

Uchinchidan, kafedra professor-oʻqituvchilari jamoasida sog‘lom, ishchanlik muhitini shakllantirish, har xil ortiqcha gap-so‘zlarga o‘rin bermaslik va ichki salohiyatni reyting boʻyicha topshiriqlar va PQ-416 bilan belgilangan Maqsadli koʻrsatkichlar ijrosiga qaratish;

Toʻrtinchidan, ishga qabul qilish boʻyicha mehnat shartnomalari (kontrakt)da nazarda tutilgan talablarni bajarish, xodim universitetning ichki tartib-qoidalariga rioya qilmasdan, oʻzining xatti-harakatlari bilan unga ish bergan universitet nufuziga putur yetkazgan taqdirda tashkilot ma’muriyati u bilan mehnat shartnomasini bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega ekanligi;

Beshinchidan, universitet tarkibidagi ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, ilmiy markazlari va boʻlimlari faoliyati natijadorligini keskin oshirish choralarini koʻrish vazifa qilib berildi.

Yig‘ilish yakunida rektor universitet jamoasi oldida juda murakkab vazifalar turganligi va reyting koʻrsatkichlarining bajarilishi va universitetning rivojlanishi nafaqat SamDAQU, nafaqat vazirlik, balki butun O‘zbekistonning rivojlanishi ekanligini ta’kidlab oʻtdi va yig‘ilish ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.