Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining yana bir kafedrasining filiali ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi farmoni ijrosini ta’minlash va Prezident huzurida 2024-yil 20-iyun kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonida ko‘rsatilgan muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar ijrosini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati Samarqand viloyat bo‘limida “Mehnat muhofazasi va salomatlik muhandisligi” kafedrasi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tashkilotning respublika bosh direktori Ilvira Ahmedova, viloyat raisi Munira Aripova va universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz, barcha prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida xalqaro grantlarda hamkorlikda ishtirok etish, birgalikda sohaga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish bo‘yicha kelishib olindi. O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati Samarqand viloyat bo‘limida “Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi” ta’lim yo‘nalishi talabalariga fan-ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirishda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish orqali “Birinchi yordam”, “Favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlari” kabi fanlardan amaliy darslar tashkil etiladi.