Skip to main content

SamDAQU talabalari Moskva davlat yer tuzish universitetida akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining Qurilish fakulteti talabalari Rossiya Federatsiyasida joylashgan Moskva davlat yer tuzish universitetiga akademik almashinuv dasturi doirasida tashrif buyurishdi. Delegatsiyani Geomatika muhandisligi kafedrasi katta o‘qituvchisi San’at Manoyev boshqarib bormoqda.

Delegatsiya a’zolarini universitet rektori, professor Timur Valikovich Papaskiri, fakultet dekanlari va bo‘lim boshliqlari iliq kutib olishdi. Professor Timur Valikovich Papaskiri SamDAQU bilan o‘zaro hamkorlikni yuqori baholab, xalqaro akademik almashinuv dasturi imkoniyatlarini kengaytirish borasida izchil harakatlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Delegatsiya a’zolari ikki universitet o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi va “Yo‘l xaritasi” doirasida akademik almashinuv dasturini rivojlantirish, “Geokvadro” bilim va malakalarni baholash markazini tashkil etish, uchuvchisiz uchish texnologiyalari va dasturiy ta’minotlar bilan bog‘liq o‘quv materiallarini takomillashtirish kabi masalalarni muhokama qilishdi.

Ushbu tashrif, shubhasiz, ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, yangi texnologiyalarni o‘rganish va yoshlarning bilim doirasini kengaytirishda muhim qadam bo‘lmoqda.

Hozirda Moskva davlat yer tuzish universitetida akademik almashinuv dasturi doirasida qator ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Kelgusida bu tashabbuslar nafaqat talaba va professor-o‘qituvchilarning bilimlarini oshirish, balki ilmiy innovatsiyalarni joriy etishda ham muhim rol o‘ynaydi.