Skip to main content

MUTOLAA ZAVQI: “KAFANSIZ KO‘MILGANLAR”

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida Talaba klublari bo‘limi va Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” bo‘limi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Mutolaa zavqi” loyihasining 5-soni 4-son Talabalar turar joyida bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Shukrullo Yusupovning “Kafansiz ko‘milganlar” romani muhokama qilindi.

Roman muhokamasida barcha talabalar faol ishtirok etishdi. Madaniy meros obyektlarini asrash fakulteti 2-bosqich talabasi Oltinoy Baxriddinova tomonidan romanning o‘tgan asrda o‘zbek ziyoli qatlamining boshidan o‘tgan tahqirlar haqidagi eng ta’sirli lavhalari mutolaa qilib berildi. Ushbu asar Shukrullo Yusupovning avtobiografik asari bo‘lib, o‘quvchiga qatag‘on davri haqida hikoya qilib berishi bilan ahamiyatlidir. Shukrullo Yusupov ham qatag‘on davrining ikkinchi to‘lqini jabrini chekkan, Sibirga badarg‘a etilgan o‘zbek ijodkorlaridan biri sifatida asar voqealarini haqqoniy va real bo‘yoqlarda tasvirlab bergan.

Mutolaa davomida o‘zbek millatining mustaqillik yo‘lida chekkan azoblari, millatni yo‘q qilish uchun qilingan adolatsizliklar haqida so‘z yuritildi.