Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz boshchiligidagi bir guruh professor-o‘qituvchilardan iborat universitet delegatsiyasi 2024-yilning 24-oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Jiangsu provinsiyasida joylashgan Nanjing politexnika instituti (Nanjing Polytechnic Institute)ga tashrif buyurdi.
Dastlab Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti – Nanjing politexnika instituti o‘rtasidagi hamkorlik, Jiangsu kutubxonasi va Zhenghe qo‘shma instituti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etildi. Yig‘ilish avvalida Nanjing politexnika instituti rektori professor Zhang Xiaojin va SamDAQU rektori professor Chidem Turkyilmaz tomonidan amaldagi hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolda birgalikda qilinishi ko‘zda tutilgan loyihalar bo‘yicha fikrlar bildirib o‘tildi. Yig‘ilish davomida nafaqat Xitoy Xalq Respublikasi, balki xalqaro maydonda yuqori nufuzga ega bo‘lgan nashriyot uyi bo‘lmish Jiangsu Phoenix Vocational Education Books Co. Ltd – Nanjing politexnika instituti – Samarqand davlat arxitektura qurilish universiteti ta’sischiligida SamDAQUda “Jiangsu kutubxonasi”ni tashkil etishga kelishildi va ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu kutubxonaga joriy yilning noyabr oyida Jiangsu Phoenix Vocational Education Books Co. Ltd nashriyot uyi tomonidan dastlabki 2000 nusxadagi kitoblarni yetkazishga kelishib olindi. Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Nanjing Politexnika institutida tashkil qilinayotgan Markaziy Osiyo Tadqiqotlari markazining ochilish marosimida ham ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, yig‘ilishning asosiy mavzusi bo‘lgan Zhenghe qo‘shma instituti va ushbu institut faoliyatini yanada ommalashtirish borasida tomonlarning fikr-mulohazalari va takliflari muhokama qilindi. Mazkur institut faoliyatini 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi ko‘rinishida tashkil etish, 2025-2026-o‘quv yilida dastlab ushbu institutga hozirgi kunda O‘zbekistonning rivojlanib borayotgan qurilish industriyasi sohasiga zamonaviy va yetuk malakali kadrlarni yetkazib berish maqsadida, “Kimyo muhandisligi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalarni qabul qilish, shuningdek, bu bo‘yicha o‘quv dasturlar, sillabuslar, malaka talablari, fanlarning mazmuni va kreditlar sonini belgilash borasida kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni bajarish bilan shug‘ullanuvchi “Ishchi guruh”lar tuzishga qaror qilindi. Ushbu qo‘shma ta’lim dasturini talab darajasida ro‘yobga chiqarish maqsadida, ta’lim jarayoniga yetuk xorijiy mutaxassislarni, jumladan, Nanjing politexnika institutining malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilishga kelishildi. SamDAQU va NPI oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida, xususan, magistratura talabalari va doktorantlar uchun hamrahbarlik sohasida hamkorlik qilish, birgalikda ilmiy maqolalar chop ettirish va o‘quv adabiyotlarini tayyorlash imkoniyatlari ham atroflicha o‘rganib chiqildi.