Joriy yilning 30-may kuni Mirzo ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida talaba yoshlar tomonidan “Shirin” massivi loyihalanayotgan hududda ekskursiyada bo‘lish istagi bildirilgan edi.
Samarqand viloyat hokimligi mutasaddilarining tashabbusi va topshirig‘i asosida 31-may kuni universitet talaba-yoshlari va profesor-o‘qituvchilari, “Shirin” massivining loyihasi va qurilish ishlari bilan bevosita tanishish maqsadida ekskursiyada bo‘ldilar.
Hozirgi kunda Samarqand Zarafshon daryosi sohilida, aeroportdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda 389 gektar maydonda ko‘p qavatli uylar, savdo majmualari va boshqa obyektlardan iborat zamonaviy “Shirin” massivini qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Loyihaga ko‘ra, massivda ko‘p qavatli uylar, maktab va bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar bo‘ladi. Massivni shahar bilan bog‘lovchi ko‘prik va yo‘llar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi. Talabalarga ushbu loyiha doirasida yirik biznes va savdo majmualari qurilishi, ish o‘rinlari ko‘payishi aytildi.