Universitetimizda jadal olib borilayotgan tranformatsiya jarayonlari oʻlaroq sezilarli ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Bilim dargohining qiyofasi oʻzgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilmoqda, jumladan, professor-oʻqituvchilarning oʻz ishiga munosabati ham oʻzgarmoqda. Innovatsiya yoʻnalishidagi yangi ilmiy markazlar tashkil etilib, zamon talabidagi yangi boʻlinmalar ochilmoqda.
Ta’lim sifatini ta’minlash nafaqat talabalar bilimining davlat standartlariga mosligi, balki ta’lim muassasasining muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishi, shuningdek har bir professor-oʻqituvchining pedagogik salohiyati mezoni hamdir.
Bugungi kunda sifatli ta’lim - mamlakat taraqqiyotini belgilovchi muhim omillardan biridir. Ta’limni rivojlantirish birinchi galda, pedagog-oʻqituvchilar zimmasida. Chuqurroq fikrlaydigan boʻlsak, mamlakat taqdiri, millat kelajagi bizning qoʻlimizda. Shu bois, sifatli ta’lim bugunning eng muhim va dolzarb masalasiga aylandi. Darslarni kuzatish va tahlil qilish, oʻqituvchining ishlash uslubi, bilim darajasi va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish imkonini beradi.
Sifat nazorati koordinatorigi mazkur muhim masalaga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. O‘quv yili boshidan buyon yuzdan ortiq universitetimiz oʻqituvchilarining darslari ekspertlarimiz tomonidan tahlil qilindi. Yutuqlar bilan bir qatorda xato va kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, oʻqituvchi nutqining ravon ta’sirchan emasligi, mavzuni amaliyot bilan bog‘lab tushuntirmaslik, talabalar bilan faol muloqotning yoʻqligi, talabalarga beriladigan savollarning muammoli tarzda tuzilmaganligi asosiy kamchiliklardandir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, oʻqituvchi darsda qoʻllagan usullarning samaradorligi, rang-barangligi, oʻtilgan yangi mavzu materialini talabalarning qay darajada oʻzlashtirib olganliklari bilan belgilanadi. Shu boisdan har bir dars kuzatuvchi (ekspert-oʻqituvchi, kafedra mudiri, inspektor yoki fakultet dekani) ta’lim sifatini belgilovchi muhim omilga alohida e’tibor bilan qarashi kerak.