Skip to main content

TALABGOR O‘QITUVCHILAR SARALANMOQDA

O‘qituvchilik – katta san’atdir. Bu san’atga pedagog osongina, o‘z-o‘zidan erisha olmaydi. Mashhur pedagog Yan Amos Komenskiy “O‘qituvchilik yer yuzidagi har qanday kasbdan ko‘ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb” ekanligini ta’kidlaydi. O‘qituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning shaxsida quyidagi fazilatlar bo‘lishi kerakligini aytadi: ilmli, vijdonli, mehnatkash, sabotli, axloqli, o‘z ishini sevuvchi, o‘quvchilarga otalaridek muomala qiluvchi, ularda bilimga havas uyg‘otuvchi, o‘quvchilarni o‘z ortidan ergashtiruvchi va o‘z e’tiqodiga ega bo‘lgan shaxs. Aynan mana shunday hislatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilardan, har jabhada yetuk o‘quvchilar yetishib chiqadi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti Arxitektura fakultetining “Arxitektura” kafedrasida dars berish istagida bo‘lgan talabgor o‘qituvchilar maxsus tashkil etilgan komissiya tomonidan saralandilar.

Talabgorlar 3 bosqich asosida imtihon topshirdilar. Jumladan, ochiq darsda bo‘lajak pedagoglarning nutq madaniyati, pedagogik mahoratlari eshitilgan bo‘lsa, test va chizgan klauzuralari (eskiz, homaki lohiya) orqali ularning mutaxassislikdan olgan bilimlari obyektiv o‘rganildi. Imtihon javoblari tez orada kafedra tomonidan e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida belgilab qo‘yilganidek tegishli ma’lumoti, kasbiy tayyorgarligi bo‘lgan va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egadirlar.