SIZNING SHARAFLI MEHNATINGIZ, HALOL UMR YO‘LINGIZ BIZ UCHUN IBRAT MAKTABIDIR
To‘g‘ri ishlab, halol yashash saodatini yoshlikdan o‘rgangan odamning umri halovatda bo‘ladi. Adolatsizlik, qonunlarga hurmatsizlik, kasb-u amalga, ishonchga xiyonat qilib bo‘lmasligini o‘qib-uqqan, poraxo‘rlik va korrupsiyaga, suiiste’molchilikka qarshi immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jur’atli, vijdonli inson bo‘lib yetishadi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli bo‘lmasligini, hech kimga buyurmasligini, yaxshilik emas, yomonlik va kulfat keltirishini tushunadi.
SamDAQU Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Sizning sharafli mehnatingiz, halol umr yo‘lingiz biz uchun ibrat maktabidir” nomli loyihaning navbatdagi mehmoni Boboqandov Nuriddin Akramovich bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ayni yuqorida qayd etilgan haqiqatlar ilgari surildi. Uchrashuvda so‘z olganlar halol mehnat, ilmiy va ijodiy faoliyat uni tom ma’noda baxtiyor etishini, el ichida izzat-hurmatga sazovor qilishini Boboqandov Nuriddin Akramovich siymosida yana bir bor ko‘rish mumkinligini ta’kidlashdi.
Uchrashuvda Boboqandov Nuriddin Akramovich talaba-yoshlarga universitetimiz tarixi bilan bog‘lik ajoyib esda qolarli voqealarni so‘zlab berdi. Ijod namunalaridan o‘qib, she’riyatning, so‘z qudratining jozibali olamiga oshno qildi.
Tadbir so‘ngida Boboqandov Nuriddin Akramovichga talaba-yoshlarni yuksak insoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy barkamolligini shakllantirishdek eng dolzarb, mas’uliyatli vazifaga qo‘shgan hissasi, ta’lim tizimidagi sharafli va halol mehnatlari uchun universitet rahbariyatining tashakkurnomasi topshirildi. Ustoz siymosini buyoqlarda gavdalantirgan talabalar tomonidan chizilgan ijodiy ishlar sovg‘a sifatida taqdim etildi. O‘z navbatida ustoz ham o‘zining yangi ijod namunalari jamlangan kitoblarni talabalarga hamda tadbir tashkilotchilariga hadya etdi.