Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tashrif buyurdi. Tashrif davomida vazir universitetda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonini, shu jumladan, yangi qurilayotgan 4238 o‘rinli o‘quv binosining holati va sharoitlarini o‘rgandi.
Mazkur loyiha universitetda tahsil olayotgan talabalarning zamonaviy o‘quv dargohiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Yangi bino keng va yorug‘ o‘quv xonalari, axborot-resurs markazlari, zamonaviy laboratoriyalar va amaliyot xonalari bilan jihozlanadi. shuningdek, talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun innovatsion sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Tashrif davomida Qo‘ng‘irotboy Sharipov mazkur infratuzilma loyihasi talabalarga yanada qulay va samarali o‘qish imkoniyatlarini yaratish bilan bir qatorda, universitetning ilmiy-tadqiqot salohiyatini ham yuksaltirishi haqida ta’kidladi.