Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Ijtimoiy va tabiiy fanlar” kafedrasi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining “Samarqand tamadduni tarixi” kafedrasi, “Tarixshunoslik va manbaashunoslik” kafedrasi hamda Registon ansambli bilan hamkorlikda 2024-yil 26-mart kuni Registon ansamblining Ulugʻbek madrasasida Mirzo Ulugʻbek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan “Ulugʻbek vorislari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Ushbu seminarda SamDAQU “Ijtimoiy va tabiiy fanlar” kafedrasi mudiri, dotsent Asliddin Quldoshev “Mirzo Ulugʻbek ilmiy maktabining bugungi kundagi ahamiyati” nomli ma’ruzasi bilan hamda shu kafedraning katta oʻqituvchisi Adolat Ziyotova “Mirzo Ulugʻbekning milliy davlatchilik faoliyati” nomli ma’ruzalari bilan seminarni ochib berdi.
Ulugbek madrasasida o‘tkazilgan seminarning ikkinchi qismida SamDUning “Tarixshunoslik va manbaashunoslik” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Tohir Mahmudov “Mirzo Ulugʻbek davrida ta’lim” nomli ma’ruzasi bilan hamda shu universitetning “Samarqand tamadduni tarixi” kafedrasi mudiri, dotsent Sherbek Ravshanov “Samarqand me’morchiligida Mirzo Ulugʻbekning oʻrni” nomli maruzalari tinglandi. Ma’ruzalar ilmiy seminarda ishtirok etgan nafaqat talaba-yoshlar, balki ansamblga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga ham manzur boʻldi.
Shuningdek, hamkorlikda o‘tkazilayotgan ilmiy amaliy-seminarning uzviy davomi 27-mart kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida “Mirzo Ulug‘bek merosi – buyuk xazina” mavzusida davom ettirildi. Ushbu ilmiy anjumanda universitetning Strategik rivojlanish bo‘yicha birinchi prorektori Botir Ibragimov so‘zga chiqib Mirzo Ulugbekning ilmiy faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ilmiy seminarda so‘zga chiqqan, me’morchilik fanlari doktori, professor Axtam Uralov, dotsent Asliddin Quldoshev, Registon ansambli gid-ekskursovodlar bo‘limi boshlig‘i A.Safarovlar Mirzo Ulugʻbekning madrasalarida riyoziyot, jugʻrofiya, tarix, ilmu nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, she'riyat, ilmi hisob, ilohiyot, hadis, fiqx, adab, ilmi hikmat, arab tili kabi ilmiy yoʻnalishlarda tadqiqotlar olib borilganligi va oʻsha davrda “Zij” asarining yaratilishida rasadxonaning roli, Mirzo Ulugʻbekning shaharsozlik me’morchiligidagi beqiyos oʻrni, milliy davlatchilik faoliyati va ilmiy merosiga daxldor bo‘lgan ma’lumotlari ilmiy seminarda ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar hamda talaba yoshlarda yorqin taassurot qoldirdi.