Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida ta’lim muddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.
«Magistr» darajasini beradigan davlat malaka attestatsiyasi magistrlik dasturining intihosidir. Magistrlarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.Magistrning tayyorgarligiga nisbatan qo‘yiladigan umumiy malaka talablari
Magistr:
- tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni bajarishga, shuningdek fan, texnika va texnologiya, iqtisodiyot, madaniyat va san’atning zamonaviy yutuqlarini amaliyotga joriy etishga yo‘naltirilgan kasb tayyorgarligiga ega bo‘lishi;
- mutaxassislikka oid ilmiy muammolar bilan bog‘liq vazifalarni ifodalash va hal etishi, qarorlar qabul qilishi, zarur bilimlar bazasini yaratish va undan o‘z kasb faoliyatida foydalana bilishi;
- ilmiy tadqiqotlar va mehnatni tashkil qilish metodologiyasini bilishi, tadqiqot natijalarini tahlil qilish va qayta ishlash metodikasini ishlab chiqishi va amalga oshirishi, ilmiy tadqiqot natijalaridan faoliyatning tegishli sohalarida foydalanishga doir amaliy tavsiyalarni ifodalay olishi va taqdim qilishi;
- kasb vazifalarini avtomatlashtirish va kompyuterda modellashtirish metodlarini, eng maqbul yechimlar topishning oqilona usullarini egallagan bo‘lishi;
- bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va ilmiy jamoalarni boshqarishni ilmiy asosda tashkil qila olishi;
- zamonaviy axborot tizimlaridan foydalaniladigan pedagogik texnologiyalar va interaktiv ta’lim usullarini egallagan bo‘lishi lozim.
Magistr:
- tanlangan mutaxassislik bo‘yicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbga doir boshqaruv faoliyati;
- magistr tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik bo‘yicha aspiranturada oliy ta’limdan keyin tahsil olish;
- kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimida qo‘shimcha kasb ta’limi olish uchun tayyorlanadi.